2020-yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot $1960 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich $3647 ga yetdi. Xo‘sh, bu raqamlar nimani anglatadi va ular nega muhim?
Sodda aytganda, yalpi ichki mahsulot bu davlatning bir yil davomida yaratgan barcha iqtisodiy qiymatini ifodalaydi. Agar shu ko‘rsatkichni aholi soniga bo‘lsak, bir kishiga o‘rtacha qancha iqtisodiy qiymat to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi yoki aholi qanchaga boyiganini bilish mumkin desak boʻladi.
Qisqasi, jamiyatda odamlar boyisa, ishsizlik kamaysa, investitsiyalar hajmi oshsa hamda eksport hajmi koʻpaysa yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichi ham ortadi. Ya’ni bu ko‘rsatkich iqtisodiyotning umumiy salohiyatini aks ettiradi. Shu sababli tadbirkorlar va investorlar uchun bozorni baholash, solishtirish hamda prognoz qilishda muhim indikatorlardan biri hisoblanadi.
Masalan siz qaysidir bir xorijiy brendni Markaziy Osiyoga olib kirmoqchi boʻlsangiz davlatlarni analiz qilasiz va shunda yalpi ichki mahsulotga bexosdan qaraysiz, bunda Qozogʻiston iqtisodi eng kuchli 50 ta davlat ichiga kirgani uchun avval u bozorga soʻng 63-oʻrinda turgan Oʻzbekistonga kirasiz.
Chunki, yalpi ichki mahsulot hajmi yuqori bo‘lgan davlatlarda bozor xaridorgirroq bo‘ladi. Natijada, bu bozorda mahsulot yoki xizmat taklif qilish osonroq va tezroq natijaga chiqish imkoniyati mavjud.