So‘nggi 12 oy ichida O‘zbekiston bozorini tark etgan xorij kompaniyalari ro‘yxati ajoyib tarzda uzayib borgan. Ketma-ketlik “WizzAir”, “Magnum”, “Ocean Basket” va nihoyat “Wolt”. Go‘yo har chorakda bir xalqaro brend faoliyatini to‘xtatgandek.

“WizzAir” masalasi dastlab sobiq deputat bilan bog‘langandek ko‘rindi. Biroq kompaniya bizda Abu-Dabi yo‘nalishi orqali ishlaganini inobatga olsak, uning chiqishi asosan Amirliklardagi operatsion hamda siyosiy noqulayliklar bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rish mumkin.

“Magnum” esa katta ambitsiyalar bilan kirib kelgandi. Hatto “Carrefour” tarmog‘ini ham sotib oldi. Ammo aynan shu kengayish strategiyasi asosiy xatoga aylangan, *menimcha. Natijada bozorni chuqur o‘rganmasdan tez masshtablashish ortidan Korzinka bilan raqobat qiyin kechdi.

Qizig‘i dengizga chiqish qiyin bo‘lgan mamlakatimizda Janubiy Afrikaning dunyoga mashhur dengiz mahsulotlari tarmog‘i “Ocean Basket” restorani ham ochilgan edi va u ham o‘z faoliyatini o‘tgan yil oktabr oyida to‘xtatishga qaror qilgan. Bunga sabab logistika muammosi deb keltirilgan.

So‘ngida albatta “Wolt”. Kompaniya o‘zbek bozorida o‘z qadriyatlarini saqlagan holda faoliyat yuritish ularga qiyin bo‘lganini va shu bois faoliyatini to‘xtatishini aytgan. Qiziq va kutilmagan jihat, kompaniya xodimlariga 6 oylik ish haqisini to‘lab bermoqda.

Xulosa qilsak, bu “surish”lar O‘zbekiston bozori xalqaro brendlar uchun hanuz murakkab ekanligini ko‘rsatmoqda.

@hisperspective