Bir gul doʻkonidagi tanishlar marketing audit qilib berishni soʻrab qolishdi. Muammo — klassik. Ilgari savdolar juda yaxshi boʻlgan lekin, toʻsatdan soʻnggi oylarda katta choʻkish kuzatilgan.
Muammoga yechim berishdan oldin biznes aslida nimaning ustiga qurilganini tushunish muhim. Gul biznesi oʻsimlik sotish emas balki toʻgʻridan-toʻgʻri emotsiya ulashish ekanligidan kelib chiqgan holda, choʻkishga sabab boʻlgan taraflarni qidirdim.
Ozgina izlanish va qarabsizki, barchasi kaftdek ayon boʻldi. Sizga aytsam muammo gullar yoki guldastalarda emas balki, guldasta bilan birga yuboriladigan oddiy bir parcha varoqchaning sifati tushishi bilan bogʻliq boʻlib chiqdi. Qisqasi, savdo choʻkishni boshlagan davrda birinchi smenada asosiy sotuvchi boʻlib ishlagan xodim ishdan ketgan. Hammasi aynan shundan boshlangan.
Chunki bu xodim oddiy sotuvchi emas balki, doʻkonning husnixati chiroyli boʻlgan yagona odami boʻlgan. Yaʼni u shu kungacha yetkazib berilgan guldastalardagi otkritkalarni yozgan. Uning ketishi ortidan esa mijozlar buyurtma qilganda yozdiradigan otkritkalari sifati tushgan. Aniqrogʻi xunuk husnixat mijoz xohlagan emotsiyani yetkaza olmagan.
Qarabsizki shu sabab ortidan sekinlik bilan mijozlar qochishi va albatta umumiy savdo tushishi kuzatilgan.
Xulosa, ushbu keys bizga marketingning oʻsha siyqasi chiqgan 4 ta P (product, price, place, promotion) qoidasini yana bir bor isbotladi.