Avvalroq musiqiy sayt ochganimiz, uning yopilishi va xulosalarim haqida yozgandim. Bugun esa Kinobor.com haqida qisqacha gapirib bermoqchiman. Saytni 2020-yil iyulda ochganmiz. DataLife Engine’da qilingan, tayyor dizayn o‘rnatilib ish boshlangandi.

Har kuni yangi serial va filmlar joylab borardik. 3 oy ichida telegram kanal 10 ming obunachiga chiqdi, sayt esa kunlik 1500–2000 real foydalanuvchi yig‘di. Keyinroq trafik kuniga 10–15 minggacha yetdi. Oddiy reklama xarajatni qoplamagani uchun totalizator reklamalarini ham qo‘ygandik (bu uchun vijdonim qiynaladi). Xullas, har oy valyutada yaxshi daromad kelardi.

Hammasi yaxshi ketayotgan paytda telegram kanal mualliflik huquqi sabab bloklandi. “Mendirman Jaloliddin” serialini ruxsatsiz joylaganimiz uchun Bo‘zdax Film’dan ketma-ket shikoyatlar keldi. Google saytni qidiruv natijalaridan to‘liq olib tashladi. Qarabsizki, shu bilan saytni yuritishga motivatsiya ham tugadi.

Bu loyiha menga bitta katta dars bergan: natijaviylik aslida natijaning o‘zi emas, balki illuziya ekan. Haqiqiy natija esa qurgan narsang buzilgandan keyin uni qayta qurib, yana o‘sha darajaga chiqa olishda.

Men esa bu loyihada aynan shuni eplolmaganman (:

@hisperspective