Toshkent shahrining dizayn-kodi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, binolarning fasadini 25 foizdan ortiq yopib turuvchi har qanday reklama vositasi taqiqlanadi. Shuningdek, ma’lum o‘lchamdan katta tashqi peshlavhalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama sifatida baholanib, ular uchun ruxsatnoma (pasport) olish talab etiladi.
Bugungi kunda olib borilayotgan buzishlar aynan shu talablar bilan bog‘liq. Menimcha, bu juda to‘g‘ri va zarur qaror. Chunki haddan tashqari katta hamda tartibsiz reklama bannerlari shahar ko‘rinishini buzib, vizual muhitni og‘irlashtirib yuborgan edi.
Masalan, yaqinda ta’mirdan chiqqan Shevchenko ko‘chasida yagona dizayn tamoyiliga o‘tish ancha oldin boshlangan. Natijada bugun bu ko‘cha ancha ko‘rkam, tartibli va uyg‘un ko‘rinishga ega.
Ilova qilingan rasmdan ham dizayn-kod talablari nega muhimligini ko‘rish mumkin. Ilgari Bellissimo pizzaning Oybek filialidagi yorqin, qizil rangli peshlavhasi darhol ko‘zga tashlanib turgan bo‘lsa, yangi talablar asosida u umumiy shahar ritmiga moslashgan.
Fikri ojizimcha bunday o‘zgarishlar shaharni nafaqat tartibli, balki estetik jihatdan ham yanada jozibador qiladi. Aholi chiroyli va bejirim shaharga munosib.
Reklamasizlashayotgan shahar yoxud tashqi reklamaga qonuniy talab bo‘lishi kerakmi?
Surat: Shaxsiy arxiv.