Texnologiyalar kundan kunga rivojlanib bormoqda. Shuningdek, kibertahdidlar ham murakkablashib, ko‘lami kengaymoqda. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda turli darajadagi kiberhujumlar haqida xabarlar ko‘paydi. Universitet, supermarket va hatto “bir joylar”dan maʼlumotlar sizib chiqqani haqida maʼlumotlar tarqaldi, tarqalyapti.

Bunday voqealar har birimizni yana-da sergak bo‘lishga undashi kerak. Avvalo, barcha ijtimoiy tarmoqlar va e-mail xizmatlaridagi akkauntlaringiz parollarini qayta ko‘rib chiqing. Agar parollaringiz “qwerty”, “12345678” yoki shunga o‘xshash oson topiladigan kombinatsiyalardan iborat bo‘lsa, ularni darhol almashtiring.

Kuchli parol uzun, noyob va taxmin qilish qiyin bo‘lishi kerak. Masalan, tasodifiy harflar, raqamlar va maxsus belgilar kombinatsiyasidan foydalanish mumkin. Bundan ham muhimi, imkon qadar ikki bosqichli autentifikatsiyani (2FA) yoqishni tavsiya qilaman. O‘zim Google authenticatorʼdan foydalanaman. Qolaversa, parollarni bloknotga yozgan holda esda saqlang. Parol menejerlariga ishonmang.

Agar siz tizim administratori yoki ayti muhandisi bo‘lsangiz, serverlarga masofaviy ulanishlarni qo‘shimcha himoya qatlamlari bilan taʼminlang. Zarur hollarda VPN tunnellaridan foydalaning va tashqi integratsiyalar aynan himoyalangan kanallar orqali amalga oshirilishiga eʼtibor qarating. O‘zgalarning maʼlumotlari xavfsizligi sizga bog‘liq hisoblanadi va bu masʼuliyatni his qiling.

Ishqilib, ko‘rganlarimdan xulosa qilsam kelgusida kiberxavfsizlik mutaxassisi menimcha oilaviy shifokor darajasida barchaning hayotiga kirib keladi.

@hisperspective