Rossiyada birorta filliali bo‘lmasdan muvaffaqiyatga erishgan Tinkoff bank asoschisi Oleg Tinkoff haqida Locals.org asoschilaridan biri Timon Afinsky xotiralari bilan bo‘lishibdi.
Qiziq joylaridan biri, Tinkoff 20 yoshida harbiy xizmatdan qaytadi. Oradan ikki oy o‘tib, u va qiz do‘sti avtobusda ketayotgan bo‘ladi. Qarshi tomondan Kamaz kelib, avtobusga uriladi. Qiz do‘sti shu zahoti vafot etadi.
Oleg tirik qoladi. Lekin o‘z shahrida yurganda hamma narsa qiz do‘stini eslatgani uchun Leningraddagi universitetga hujjat topshiradi va shahridan ketadi. Shundan so‘ng uning hayoti tubdan o‘zgaradi. 2019-yilda esa Oleg Tinkoff saraton kasalligiga chalinadi. Omon qolish ehtimoli juda past bo‘lsa-da, u taslim bo‘lmaydi va tirik qoladi. 2022-yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bosqinni boshlaydi.
Aprel oyida esa Tinkoff Instagram’da “Bu telba urushdan birorta ham foyda ko‘rmayapman… begunoh odamlar va askarlar o‘lyapti” mazmunida urushni keskin tanqid qilgan holda post yozadi. Postidan so‘ng Oleg Rossiyadan quviladi, bizneslari ustidan nazoratni yo‘qotadi. Shunga qaramay, hozirda u Meksika bozorida Plata loyihasini rivojlantirmoqda va erkin hayot tarzida yashamoqda.
Bu tarixdan xulosa shuki, milliardlar shunchaki aqlli bola boʻlganimiz uchun kelib qolmaydi. Pozitsiya, ambitsiya va isyonkor ruh boʻlsagina nimadirga erishish mumkin.