2025-yil boshida Andrey Karpaty tomonidan ommalashtirilgan vayb dasturlash bir soʻz bilan aytganda dasturchilarni ishsiz qoldiradi. Ammo, qanday dasturchilar ishsiz qoladi? Koʻrib chiqamiz.

Xullas, Goldman Sachs investitsiya banki hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellekt 300 mlnta ish o‘rniga teng vazifalarni almashtirishi mumkin. AQSh va Yevropada ishdagi vazifalarning qariyb to‘rtdan bir qismi sunʼiy intellekt tomonidan bajarilish ehtimoli bor. Bu jarayonlar ichida esa dasturchilar bajaradigan vazifalar ham mavjud.

Aniqroq aytsak, junior, strongjunior va middle darajadagi dasturchilar mehnatiga boʻlgan talab keskin kamaymoqda. Qolaversa, bir sohaga ixtisoslashgan dasturchilar ham endi kerak emas. Masalan, siz faqat frontend yoki faqat backendni bilsangiz ish beruvchi uchun jozibador emassiz.

Chunki, sunʼiy intellekt barchasini bir prompt bilan qilib turgan zamonda siz oʻta sekin ishlaydigan va oʻta qobiliyatlari cheklangan mutaxassisdek koʻrinib qolasiz. Ish beruvchi esa vazifani sunʼiy yoki tabiiy intellekt qilishiga emas balki tez, arzon boʻlishiga qaraydi.

Shundan kelib chiqsak faqat dasturchiman, faqat bir yoʻnalishni bilaman degan odamlarning endilikda kosasi oqarmaydi. Oʻrganish, izlanishdan toʻxtamasdan oʻziga yangi skilllar qoʻshgan mutaxassislar esa bozorda oʻz oʻrnini aslo yoʻqotmaydi.

@hisperspective