Korzinka, Just va Urban kabi savdo do‘konlarida doimiy mijozlar uchun keshbek tizimi joriy etilgan. Mijoz keladi, mahsulot sotib oladi va keshbek kartasiga ma’lum miqdorda pul qaytadi.
Keshbek mexanizmining ishlash jarayoni oddiy “sotib olish va qaytarib olish” zanjiridan iborat bo‘lib, u yerda har bir tomon o‘z manfaatiga ega. Do‘kon mahsulot tannarxini hisoblayotganda, uning ichiga marketing xarajatlarini (reklama, bannerlar, keshbek) oldindan kiritadi.
Masalan, mahsulot tannarxi 70 ming so‘m bo‘lsa, do‘kon uni 100 ming so‘mga sotadi. O‘sha 30 ming so‘m foydaning ichidan 5 ming so‘mi marketing budjeti sifatida shakllanadi. 5 ming so‘mning ichida esa mijozga qaytariladigan 1-2% keshbek summasi hisoblanadi.
Bu yerda eng qiziq jihat shundaki, do‘kon sizga keshbek berganida, u aslida sizdan qarz oladi. Ya’ni do‘kon keshbek berish orqali, “hozir sizdan 100 ming so‘mni to‘liq olaman, lekin 5 ming so‘mini keyingi safar kelganingizda to‘lov sifatida qabul qilishga va’da beraman” deydi.
Bu va’da esa sizni qayta kelib xarid qilishingizni qisman kafolatlaydi. Natijada marketing budjeti samarali ishlatiladi.