Faraz qiling, startapingiz yoki biznesingiz muvaffaqiyat qozondi. Samolyot oldingiz, qimmat mashinalar ham garajda turibdi. Endi esa, “shaxsiy orol sotib olsam-chi?” degan fikr keldi. Xo‘sh, buning uchun nima qilish kerak?

Avvalo, bilib oling orollar odatda freehold yoki leasehold shaklida sotiladi. Freehold orolga to‘liq mulk huquqini anglatadi. Leasehold esa uni maʼlum muddatga ijaraga olishni bildiradi. Shimoliy Amerika, Karib havzasi va Yevropaning ayrim hududlarida freehold ko‘proq uchrasa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasining ayrim mamlakatlarida chet elliklar uchun ko‘pincha faqat leasehold shakli mavjud.

Narxlar ham juda keng diapazonda. Bozorda $100 mingdan $100 mlngacha bo‘lgan orollarni uchratish mumkin. Eng arzon variantlar odatda Kanada ko‘llaridagi kichik orollar bo‘lib, ayrimlari $100 mingdan ham arzon narxda sotiladi. Orolni tanlaganingizdan so‘ng huquqiy tekshiruvlar boshlanadi. Advokat mulk hujjatlari, egalik huquqi va mahalliy qonunchilikni o‘rganadi, zarur kelishuvlarni rasmiylashtiradi.

Barcha jarayonlar odatda 3-4 oy davom etadi. Shundan keyin o‘zingizga tegishli orolda dengiz manzarasidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Ammo bir narsani unutmang, orol sizniki bo‘lsa ham, u joylashgan davlatning qonunlariga amal qilishingiz shart. Mulk huquqi qonundan ustun boʻlmaydi.

Ishqilib, hammasi oson. Shunchaki muvaffaqiyatli biznesmen boʻlsangiz bas.

@hisperspective