2016–2017-yillar Toshkentda yashagan kezlarimda metroga jeton orqali to‘lab kirilar edi. Ammo 2024-yil oxiriga kelib, kassalar ramziy darajada ishlay boshladi. 2025-yil iyuniga borib esa, metro kassalari soni hamda kassirlar shtati qisqartirilishi haqida rasman e’lon qilindi. Sabab — ATTO.

Xuddi shunday holat avtobusda ham yuz berdi. Konduktorlar o‘z ish o‘rinlarini asta-sekinlik bilan ATTO terminallariga bo‘shatib berishdi. Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari jamoat transportidagi inson ish oʻrnini olib qoʻydi.

Yana bir qiziq keys, fintexda kuzatilgan katta rivojlanish sabab kichik tadbirkorlik subyektlarida hisobchi xizmatidan foydalanish keskin kamaydi. Mobil banking sabab endi YaTT yoki kichik MChJ rahbari oʻz moliyaviy kirdi/chiqdilarini oʻzi hal qilyapti. Oʻz oʻrnida bu hisobchilar mehnat bozorida talab tushishiga olib kelyapti.

Oxirgi vaqtlar marketing agentliklarida kopirayterlar xizmatidan foydalanish keskin kamaydi. Hozir Gemini va ChatGPTʼga toʻgʻri prompt bera olish bilan marketologlar oʻzi sotuv matnlarini tayyorlayapti. Dizaynerlarda ham ishlar chappasiga ketgan. Oddiy posterlarni Midjourney, ChatGPT maromiga yetkazib qilib beryapti.

Ishqilib rivojlanish shu ketishda ketsa yaqin 2-3 yilda mehnat bozorida katta ishsizlik yarasi paydo boʻlib qoladi, bu yaraga tegishli boʻlib qolmaslik uchun kreativ va hissiyotli tahlilni talab qiladigan sohalarni oʻrganishni boshlash kerak menimcha. Chunki sunʼiy intellekt bu kabi insoniy qobiliyatlarga erisha olmaydi baribir.

@hisperspective