Bugungi mitapda bir ishtirokchi shu savolni berdi. Spikerlar turlicha javob berishdi, lekin bu savol meni kun davomida o‘ylantirdi. Oxir-oqibat, o‘zimcha bir xulosaga keldim.
Har qanday davrda yangi bilim olish yoki kasb o‘rganish insondan diqqat, kuch, qatʼiyat va sabr talab qiladi. Ammo bu sifatlar majburlab emas, balki qiziqish orqali osonroq shakllanadi. Aniqroq aytganda, ular inson o‘z xobbisiga vaqt ajratganda tabiiy ravishda birlashadi.
Inson o‘ziga yoqadigan mashg‘ulot bilan shug‘ullanganda diqqatini yo‘qotmaydi, qiyinchiliklardan qochmaydi va natija uchun sabr qilishga tayyor bo‘ladi. Shu sabab, xobbi — bu shunchaki vaqt o‘tkazish emas, balki ichki motivatsiyani uyg‘otadigan kuchli manba.
Shunday ekan miyani chiniqtirish uchun u xush ko‘radigan narsalar atrofida bilim olishni boshlash kerak. Bu orqali miyani doimiy axborot qabul qilishga o‘rgatish hamda boshqa yangi bilimlarni kashf etish mumkin.
Ishqilib, “eng yaxshi ish bu senga katta haq to‘lanadigan xobbi” deb bekorga aytishmaydi. Rasmdagi Mirshakar Fayzullayev esa bunga yorqin misol.