25-may bitiruvchilar kuni. Maktabni tamomlaganimga ham ancha bo‘libdi. Eslasam, o‘sha paytlar hayollarim juda tarqoq, “endi nima qilaman?” degan savollar bilan yurgan murg‘ak bolakay edim. Hozirgi qaldirgʻochlarda ham shunday hayollar boʻlsa bu post yechim oʻlaroq yozildi.
Xullas, hurmatli singlim yoki ukam, bitiruv marosimidan so‘ng birinchi navbatda do‘ppini yerga qo‘yib o‘ylab oling. Hayotdan nima xohlaysiz o‘zi? Sizni shu xohishingizga olib boradigan eng to‘g‘ri yo‘l qaysi? Maktabni tamomlagandan keyin paydo bo‘ladigan bo‘sh vaqtingizni aynan shu maqsad uchun sarflashni boshlang.
Yodda tuting, bu davr o‘zingizning eng kuchli talqiningizni qurish uchun katta imkoniyat. Ko‘p iqtidorlar aynan shu davrda paydo bo‘ladi yoki aksincha, yo‘qolib ketadi. Qolaversa, bu davrda xato qilishdan qo‘rqmang. Ko‘proq urinib ko‘ring, yiqiling, xulosa chiqaring. Muhimi ayni shu yoshingizda oʻrganishdan aslo toʻxtamang. Chunki yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh misolidir.
Ishqilib, unutmang siz bu hayotda shunchaki statistika uchun quruq son bo‘lishdan ko‘prog‘iga qodirsiz. Buni esa isbotlang.