Qadrdon doʻstimiz Ilya Strebulaev global unikorn paydo boʻlishida innovatsiya geografiyasini tahlil qilibdi. Unga ko‘ra, San-Fransisko ko‘rfazida 597 ta, Pekinda 238 ta, Nyu-Yorkda 217 ta, Londonda esa 98 ta unikorn shakllangan.
Ilyaning taʼkidlashicha AQSH va Xitoy birgalikda global unikornlar yaratilishida yetakchilik qilmoqda. Lekin startapning yetishib chiqishida geografik tuzilish ikki mamlakatda turlicha. Masalan, AQSH modelida bitta supermarkazda startap yaratiladi va keyin qolgan shaharlarga tarqaydi.
Xitoyda esa bir nechta mega markazlarda startaplar paydo boʻladi va ular oʻzidan kichik ko‘plab markazlarga tarqaydi. Sodda qilib aytganda Xitoyda markazlashmagan asoschilar va bozor ekotizimi mavjud.
Oʻzbekistonda esa xuddi AQSHdek model. Yaʼni yagona markaz (Toshkent)da startaplar paydo boʻlyapti, product-market fitini shu markazda topyapti va sekinlik bilan hududlarga tarqayapti. Bunga yaqqol misol sifatida Uzumni koʻrishimiz mumkin.
Xulosa qilsak, Oʻzbekiston sharoitida Qashqadaryoning bir olis tumanida turib startap qurishga urinish telbalik ekan.