So‘nggi kunlarda tarmoqda “Farz” filmi va uning mualliflar roziligisiz Telegram orqali tarqatilgani qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu kabi mavzu haqida avval ham fikr almashgan edik, ammo masalaga biroz chuqurroq nazar tashlash kerak, deb o‘ylayman.

Avvalo, har bir voyaga yetgan, to‘lovga layoqatli shaxs shuni tushunishi kerakki, inson tomonidan bunyod etilgan hech bir mahsulot xarajatsiz yoki resurs sarflanmasdan paydo bo‘lmaydi. Inson mehnati bilan paydo boʻlgan har qanday mahsulot ortida vaqt, mablag‘, bilim va mehnat turadi. Shu sababli unda muallifning haqdorligi mavjud bo‘ladi.

Mualliflik huquqi faqat qonuniy emas, axloqiy masala hamdir. Masalan, kimdir do‘kondan pulini to‘lamasdan mahsulot olib chiqsa, buni o‘g‘irlik deymiz. Muallif ruxsatisiz film, kitob yoki dasturdan foydalanish ham mohiyatan shundan farq qilmaydi, gunohi ham bir xil. Faqat internetda bu ish ko‘zga tashlanmagani uchun ko‘pchilik uning noto‘g‘riligini his qilmaydi yoki his qilgisi kelmaydi.

Internetda haq masalasi ko‘pincha insonning vijdoni bilan yuzma-yuz qoladi. Dastur, musiqa yoki filmdan ruxsatsiz foydalanayotganingizda sizni to‘xtatadigan sotuvchi ham, eshikdagi qo‘riqchi ham vijdoningiz boʻladi. Mualliflik huquqiga hurmat mayda narsalardan paydo boʻladi. Masalan, musiqani telegramda eshitmaslik. Kino, seriallarni qaroqchi saytlarda tomosha qilmaslik va boshqalar.

Xulosa o‘rnida, “Farz” filmi menga yoqdi siz ham ITV’da koʻring. Haq masalasiga esa aslo befarq bo‘lmang.

@hisperspective