Bu tashabbus boshlanganida juda xursand bo‘lgandim. Rostini aytsam, kiberxavfsizlik yo‘nalishida ilmni keng yoyish uchun jiddiy harakat qilinyapti, deb o‘ylagandim. Afsuski, keyin fikrim o‘zgardi. Xullas, tarqatilayotgan kitoblardan biri qo‘limga tushdi. Uni tayyorlagan mutaxassislarga shu qadar ishonganim uchun kitobni o‘zim varaqlamay, ayni shu mavzuda ishonchli manba izlayotgan bir tanishimga berdim.

Mashinada ketayotganimizda u kitobni varaqlab, ikki-uch sahifadan keyin, “Buni ChatGPT tarjima qilganmi?” deb so‘radi. Men, “Yo‘q, menimcha buni mutaxassislarning o‘zi tarjima qilgan”, dedim. Ammo u ko‘rsatgan sahifalarda emojilar, giperhavolalar, hatto AI matnlarida tez-tez uchraydigan uzun ajratgich chiziqlari ham qolib ketgan edi. Eng achinarlisi, matn umuman tahrir qilinmagani yaqqol bilinib turardi. Ichidagi kontentni biroz fakt chek qilsak bu varaqlar ketma-ketligini kitob deyish xatoligini tushundik.

Shu payt tanishim oldida o‘zimni masʼuliyatsizdek his qildim. Axir kitobni tekshirmasdan tavsiya qilgan edim. Mana, necha kundir shu haqida o‘ylayapman. Men ko‘rganim bitta kitob, xolos. Ammo shunday kitoblardan yana qanchasi minglab qorako‘zlar qo‘liga yetib boryapti? Tahrir qilinmagan matnlar va tekshirilmagan faktlarning kitob ko‘rinishida ilm deb tarqatilayotgani odamni chuqur o‘ylantiradi.

Iltimos, qilayotgan ishinglarni masʼuliyat bilan qilinglar. Xayp, mashhurlik oʻtadi-ketadi bizdan amallarimiz qoladi. Shu sabab, ogʻiz koʻpirtirib odamlarni, jamiyatni aldamanglar.


@hisperspective