Ijtimoiy tarmoqlar orqali targ'ib qilingan aqidaparastlik g'oyalari ta'siriga tushib, Suriyadagi terroristik tashkilotlarga aloqador bo'lgan O'zbekiston fuqarosi sud hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
1995-yilda Qashqadaryo viloyatida tug'ilgan fuqaro 2017-yilda Koreya Respublikasining nufuzli universitetiga o'qishga kiradi. Xorijda tahsil olish davrida u ijtimoiy tarmoqlar orqali "jihod", "hijrat" va "shahidlik"ni targ'ib qiluvchi shaxslarning audio- va videoma'ruzalari bilan tanishadi. Suriyadagi qurolli to'qnashuvlar aks etgan videolar ta'sirida uning qarashlari aqidaparastlik g'oyalari bilan zaharlanadi.
Keyinchalik u "Instagram" va "Telegram" tarmoqlari orqali Suriya hududida faoliyat yuritayotgan "Tavhid va jihod katibasi" hamda "G'uroba katibasi" terroristik tashkilotlariga aloqador shaxslar bilan muloqotga kirishib, ularga taalluqli materiallarni tarqata boshlaydi.
Universitetni tamomlaganidan keyin ham Janubiy Koreyada qolgan fuqaro "G'uroba katibasi" terroristik tashkiloti media blogeri "Saad Muxtor"ning internet orqali uyushtirgan aldoviga ishonib, unga pul o'tkazadi. 2023-yil dekabr oyida esa O'zbekistonga qaytib keladi.
2024-yil iyul oyida u Suriyadagi jangarilar safiga qo'shilish maqsadida Turkiyaga boradi, biroq rejasi amalga oshmay ortga qaytadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor tadbiri natijasida mazkur shaxs qo'lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atiladi.
Sud hukmiga ko'ra, u Jinoyat kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Suriyadagi terrorchilar safiga qo'shilishni istagan fuqaro 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Surat: Videodan kadr