Sizlar bilan ilgariroq boyib ketgandan keyin samolyot, orol sotib olish haqida mushohada qilgan edik. Endi bo‘lsa kattaroq narsani ko‘rib chiqamiz, ya’ni butun “boshli davlat sotib olish mumkinmi?”, degan savolga javob izlaymiz.
Hozirgi xalqaro huquq me’yorlari doirasida davlatni sotib olish mumkin emas. Ammo katta pul bo‘lsa, nazariy jihatdan uni noldan bunyod etishga urinib ko‘rish mumkin. Dastlab hech kimga tegishli bo‘lmagan yer topish yoki biror davlatdan hudud sotib olish masalasini hal qilish kerak bo‘ladi.
Bundan so‘ng esa davlatimizda doimiy yashaydigan odamlar kerak. Nazariy jihatdan buning uchun aniq minimal son belgilanmagan. Masalan, bir 700-800 nafar odamlarga kafolatlangan oylik ijtimoiy-moddiy yordam taklif etsak, bizning yap-yangi davlatimizda yashashga rozi bo‘ladiganlar topilsa kerak. Keyin konstitutsiya, boshqaruv tizimi, valyuta, pasport, bayroq va qonunlarni ishlab chiqamiz.
Hammasi tayyor bo‘lgach, mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilamiz hamda o‘zimizni mustaqil davlat deb e’lon qilamiz. Shundan so‘ng kamida bitta BMT ga a’zo davlat bizni rasman tan olishi kerak, buni ham masalan Trampga yaxshi soqqa taklif qilib hal qilsa bo‘ladi, *menimcha.
Ishqilib, startapingiz muvaffaqiyatga erishib, bosar-tusaringizni bilmay qolganingizda nima qilishni endi bilasiz (: