Oʻzbekistonda raqamli banklar soni ortishi va fintex rivojlanishi barobarida bank-moliya bozorida qiziq takliflar soni ortmoqda. Jumladan imtiyozli debet kartalar. Masalan, TBC Bankning Salom Card, Uzum Bankning Uzum kartalari bunga misol.
Chetdan qaraganda, bank bunday kartalarni chiqarib, zarar ko‘rayotgandek tuyuladi. Axir karta olish tekin, xaridlar uchun keshbek beriladi, hattoki kartada saqlagan pulingiz uchun ham ma’lum foizda mukofot to‘lanadi.
Xo‘sh, unda banklar bu kartalardan qanday foyda ko‘radi? Rostini aytganda, foyda mijozdan ham ko‘ra bank uchun ko‘proq. Keling, bu mexanizm qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
Birinchi foyda bu tranzaksiyalardan olinadigan komissiya (interchange fee). Siz do‘konda karta orqali to‘lov qilganingizda, sizdan komissiya olinmasligi mumkin, lekin do‘kon yoki biznes egasi bankka komissiya to‘laydi. Har bir terminal orqali o‘tgan puldan bank ma’lum foiz foyda ko‘radi.
Ikkinchidan kartangizda saqlayotgan pulingiz bank uchun foizsiz yoki juda arzon depozit hisoblanadi. Masalan, 1 millionta bank mijozi oʻz kartasida o‘rtacha 500 ming so‘mdan qoldiq saqlasa, bu bank ixtiyorida 500 milliard so‘m aylanma mablag‘ borligini anglatadi. Bank bu pullarni boshqalarga 45-50% stavka bilan kredit sifatida beradi va o‘rtadagi farqdan soqqa qiladi.
Qolaversa, imtiyozli kartalar mijoz jalb qilish uchun arzon marketing instrumenti ham hisoblanadi. Siz kartani olish uchun bank mobil dasturini oʻrnatasiz, bu degani bank xizmatlaridan minimalida 2-3 marotaba foydalanib koʻrasiz yoki maʼlumot olasiz. Bu esa qachondir siz ularga qaytib kelishingizga sabab boʻladi.