Avvalroq, Everest o‘quv markazi va inDrive’ning qiziqarli reklama kreativlari haqida yozgan edim. Bugun esa Fasten taksi agregatorining Central Park’dagi yechimiga e’tibor qaratamiz.
Istirohat bog‘larida gazli ichimlik brendlari (Pepsi, Coca-Cola) ko‘pincha agressiv formatlarda o‘zlarini targ‘ib qiladi. Shunday shovqinli reklama muhitida ajralib turish ko‘pchilik uchun oson emas. Fasten esa buni juda mantiqli va eng muhimi, joylashuvning o‘zidan kelib chiqqan holda yaxshi uddalabdi.
Xullas, Central Park’da asosiy bog‘ hududiga yuqoridan pastga tushib boriladi. Aynan yo‘lning eng pastki nuqtasida esa rasmdagi reklama sizni kutib oladi. Tushunishingiz uchun bu reklama oddiy emas, u yo‘nalish va harakat mantig‘iga ulanib ketgan hamda brendni to‘liq yetkaza oladigan aniq nuqtaga aylangan. Ya‘ni Fasten o‘zini eng past taksi narxlari bor agregator deb ataydi va bog‘ning eng pastki qismida reklamasi turibdi.
Soddaroq aytganda, bog‘ga kelgan mehmon uni aylanish uchun pastga tushadi, tushish jarayonida esa e’tibor tabiiy ravishda yo‘lakka jamlanadi. Aynan shu lahzada reklama kutilmaganda ko‘rinadi. Bu esa insonda xotira yaratadi. Xotira esa brend uchun kamida bitta sotuv degani.
Ajoyib yechim, bundan ham qiziq formatlarni kutib qolamiz.