Faoliyatim davomida ko‘p turdagi bizneslarga jamoani motivatsiyada ushlash, ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish uchun kerakli instrumentlarni ishlatish bo‘yicha ko‘mak berganman yoki berib kelmoqdaman.
Shu davrda esa o‘zbek biznes egalari KPI va OKR ni adashtirishi, ayrimlari esa ikalasini bir xil narsa deb o‘ylashiga guvoh bo‘ldim. Kuzatuvlar sabab ikki metrikaning farqini yozib qo‘yish fikri keldi.
KPI bu jamoaning kundalik ishlash sifatini ko‘rsatadigan parametr hisoblanadi. Sodda aytganda “biz hozir ishlayapmizmi?” degan savolga javob beruvchi natijalar ketma-ketligi KPI deb ataladi.
OKR esa maʼlum davrda nimadir katta maqsadga olib boradigan tizimli ko‘rsatkich hisoblanadi. Buni ham sodda aytsak “biz o‘zi nimani o‘zgartirmoqchimiz?” degan savolga javob berib turadi.
Yanada soddalashtirsak KPI mashinadagi spidometr va yoqilg‘i ko‘rsatkichi. OKR esa manzilga eltadigan navigator.
Jamoa natijaga erishishi, doim yuqori produktivlikda ishlashi uchun KPI va OKR to‘g‘ri tanlanishi, muntazam kuzatilishi hamda sifatli tahlil qilinishi shart. Aks holda, bu ko‘rsatkichlar boshqaruv vositasi bo‘lish o‘rniga bosim instrumentiga aylanadi hamda jamoani o‘ldiradi.