LinkedIn’da xodimlar boshqaruvi bo‘yicha 15 yillik tajribaga ega mutaxassis Muxayyo Muxammedova qiziqarli ikki keys bilan bo‘lishdi.
Birinchi holatda, xodim 3 yil oldin 5 mln so‘m maosh olgan bo‘lsa, 3 yil davomida maoshi 15 mln so‘mga yetgan. Shu vaqt ichida esa u biror marta mehnat ta’tiliga chiqmagan. Natijada, ishdan bo‘shash vaqtida kompaniya yig‘ilib qolgan barcha ta’til kunlari uchun kompensatsiyani xodimning oxirgi 15 mln so‘mlik maoshi asosida to‘lagan.
Bu esa kompaniya uchun sezilarli qo‘shimcha xarajat degani. Ya’ni xodimning muntazam dam olmagani, oxir-oqibat biznesga moliyaviy yuk bo‘lib qaytgan.
Ikkinchi keysda esa yirik ishlab chiqarish xoldingida qariyb 200 nafar xodim boshqa yuridik shaxsga o‘tkazilgan. Jarayon oldidan ular ishdan bo‘shatilib, barcha qonuniy protseduralar bajarilgan. Ammo yakuniy hisob-kitobda rahbariyat kutmagan darajada katta summalar yuzaga kelgan. Sabab esa yana yillar davomida yig‘ilib qolgan foydalanilmagan mehnat ta’tillari.
Xulosa qilsak, xodimlarning o‘z vaqtida ta’tilga chiqishi nafaqat ularning salomatligi va motivatsiyasi, balki kompaniyaning moliyaviy barqarorligi uchun ham muhim.