Hozir bozorda raqamli mahsulotlar tobora ko‘payib bormoqda. Ilgari fintex deganda xayolimizga Click va Payme kelgan bo‘lsa, bugun Uzumdan tortib Paysendgacha turli servislar bor. Bunday zich bozorda esa mijozga shunchaki foydali bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi, uni qiziqtira oladigan taklif va noodatiy reklama usuli ham kerak.
Ayniqsa, raqobatchingiz reklama kanallarini oldindan band qilib qo‘ygan bo‘lsa, “partizan marketingi” ish berishi mumkin. Click ham Click Avto servisining reklamasida shunday yo‘l tutibdi. Click Avto mahsulot direktori Alex Guschinning aytishicha, ular reklama qilish uchun kerakli nuqtalarni izlashganda, reklama nuqtalarining deyarli barchasi raqobatchi tomonidan uzoq muddatga band qilinganini bilishgan.
Shunda jamoa boshqa yo‘l topgan, yozning issiq kunlarida haydovchilarga avtomobil old oynasi uchun quyoshdan himoyalovchi soyabonlarni bepul tarqatishgan. Soyabonlarda esa Click Avto reklamasi bo‘lgan.
Natijada raqobatchi band qilgan reklama maydonlari yonida Click Avtoning “nazorat qilib bo‘lmaydigan” reklamalari paydo bo‘lgan. Click Avto bu reklama kampaniyasi ortidan 1000 nafar yangi iste’molchi va 20% o‘sish qayd etibdi. Qiziq yechim va ajoyib yurish desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.
Ishqilib, raqamli biznesda muammolarga kreativ yechim topish juda muhim.