Xo‘sh, biznes yoki startapingizni huquqiy jihatdan to‘g‘ri yuritish uchun uni yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishingiz kerak. O‘zbekistonda buning eng ommabop shakli MChJ (mas’uliyati cheklangan jamiyat). Jarayon qanday kechishini qisqacha ko‘rib chiqamiz.
Avvalo, birdarcha.uz saytiga kirib biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatini tanlaysiz. Buning uchun elektron imzo kerak bo‘ladi. Agar sizda bo‘lmasa, uni e-imzo.soliq.uz orqali olishingiz mumkin. Shundan so‘ng ro‘yxatdan o‘tish jarayonini davom ettirasiz.
Ro‘yxatdan o‘tkazish ancha sodda. Korxona nomini tanlaysiz, ta’sischilarni kiritasiz, ustavni shakllantirasiz, davlat bojini to‘laysiz va arizani yuborasiz. Ko‘p o‘tmay guvohnoma, ustav va direktor haqidagi hujjatlar tayyor bo‘ladi.
Keyingi bosqich bank hisob raqamini ochish. Biz Kapitalbankda hisob raqamini ochdik va bu xizmat 500 ming so‘mga tushdi. Hisob raqamini ochish uchun muhr ham kerak bo‘ladi. Muhrni esa 250 ming so‘mdan boshlab tayyorlatish mumkin. Muhr tayyorlatish uchun firma guvohnomasi talab qilinadi.
Ishqilib, hammasi oddiy va biroz yugur-yugur bor.