So‘nggi yillarda bankomatlar soni sezilarli darajada ortdi. Pul yechish, kartani to‘ldirish, valyuta ayirboshlash kabi xizmatlar qulay va tezkor bo‘lib qoldi. Lekin shu bilan birga, ko‘pchilikda savol tug‘iladi, banklarga bankomat oʻrnatishdan nima naf?

Sizga aytsam bankomatlar banklar uchun bir vaqtning o‘zida daromad manbai ham, xarajatlarni tejovchi vosita ham, mijozlarni jalb etish quroli ham bo‘la oladi. Keling, bu foydalarni uchta asosiy yo‘nalishda ko‘rib chiqamiz.

Birinchisi, bankomat begona bank kartasiga xizmat koʻrsatganda oladigan foyda. Deylik, siz Xalq banki kartasi bilan Kapitalbank bankomatidan pul yechsangiz, Kapitalbank sizning bankingizdan yoki tranzaksiyadan xizmat haqi (komissiya) oladi.

Minglab odamlar har kuni pul yechganda, bu katta summaga aylanadi. Bundan tashqari valyuta ayirboshlash funksiyasi bor bankomatlarda bank valyuta kurslari farqidan ham foyda koʻradi.

Ikkinchidan esa bankomat bankga xarajatlarni tejashga yordam beradi. Yaʼni kassir oʻrnini bosadi, inkassatsiya xarajatlarini kamaytirishga koʻmaklashadi.

Uchinchidan ko‘pchilik mijozlar qulaylikni ustuvor ko‘radi. Shuning uchun ham bankomatlari ko‘p, har joyda mavjud bo‘lgan banklar odatda ko‘proq mijoz jalb qiladi. Bu bank uchun raqobatda katta ustunlik sanaladi. Qolaversa, bankomatlar joylashgan joylarda reklama qilish imkoniyati ham mavjud.

@hisperspective