Toshkent City hududida g‘alati bir marketing uslubi ommalashib boryapti yoki menga shunaqa tuyulyapti. Qisqasi uslub oddiy, qimmat avtomobillarni mall yoki do‘konlar oldiga koʻrgazmaga qo‘ygan holda iste’molchi e’tiborini jalb qilish orqali trafikni chaqirish.

Nazarimda bu “cult”ning eng yaqqol namoyondalaridan biri TC Mall. Kompleks ichida qavatdan qavatga qarab turli rusumdagi avtomobillar qator qilib qo‘yilganini ko‘rsa boʻladi. Xuddi shu yondashuvni TC Mall yonida ochilgan Park In Mall ham qo‘llayapti.

Bu model qanchalik ishlayapti aniq bilmayman. Balki, umuman ishlamas lekin, bir narsa maʼlum, bu ikkala savdo kompleksida trafik boshqa joylarga nisbatan ancha yuqori. Faqat shu trafikning qanchasi aynan “mashinaparastlar” e’tibori hisobiga kelayotganini aytish qiyin.

Mundoq eslasam ushbu marketing yondashuvini birinchi NestOne qo‘llagan edi. Ular buni shunchaki e’tibor jalb qilish vositasi emas, balki ramziy timsol sifatida ma’lum bir status va ambitsiyani ifodalovchi belgi ekanligini ham aytishgan.

Xullas, hozircha shunaqa kuzatuvlar. Bu narsaga aniqroq qarash boʻlsa va kimdir menga bu “cult”ning mohiyatini tushuntirsa xursand boʻlardim.

@hisperspective