Rosti hech qanaqasiga to‘g‘ri emas. Afsuski, bizda qaroqchilik “madaniyati” shu darajada keng yoyilganki, ko‘pchilik mualliflik kontentiga nisbatan juda sayoz munosabatda bo‘lib qolgan. Go‘yo film yoki biror media kontentni yaratgan studiya, ijodkorlar jamoasi bu ishni qilishga majbur. Xuddiki ularning mehnati “bepul” bo‘lishi kerakdek.

Aslida esa har bir kinofilm yokida media kontent ortida yillab ketadigan mehnat, katta byudjet, yuzlab odamlarning vaqti hamda mas’uliyati turadi. Qaroqchi saytlar esa shu qiymat zanjirini buzadi. Ijodkorning daromadini kesadi, sifatli kontent ishlab chiqarishga rag‘batni pasaytiradi va bozorda adolatsiz muhit yaratadi.

Yandex O‘zbekiston Allplay’ni sotib olganidan keyin platformadagi qaroqchilik yo‘li bilan joylangan kontentlar olib tashlandi. Bu kontentga bo‘lgan munosabatni standartga keltirish, mualliflik huquqlarini hurmat qilish va foydalanuvchilarda to‘g‘ri iste’mol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan aniq qadam edi.

Kompaniyalar foydalanuvchini qonuniy kontentga o‘rgatishga urinayotgan bir paytda, boshqa tomonda texnologiyani yaxshi tushunadigan, tajribali odamlar “falon qaroqchi sayt zo‘r” deb tavsiya berib yurishini tushunish qiyin.

Xullas, mualliflar mehnatini qadrlash lozim. Agar biror kontent sizga kerak boʻlsa pul toʻlashdan qochmaslik shart.

@hisperspective